Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahrida qashqadaryolik o‘qituvchi va murabbiylar, tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.

Bugungi uchrashuvda ta’lim va tibbiyot sohalaridagi islohotlarning ahamiyati, joylarda amalga oshirish choralari haqida so‘z bordi.
– Bu ikki sohani rivojlantirmasdan turib raqobatbardosh mamlakat bo‘la olmaymiz. Kelajakni sog‘lom millat, bilimli avlod quradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev bu boradagi yangi ish tizimidan maqsadi, pedagog va shifokorlardan kutayotganlari haqida ko‘nglidagi gaplarni aytdi. Maktab direktorlari, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlarining fikr-mulohazalarini eshitib, takliflarini qo‘llab-quvvatladi.
– Ta’limdagi ishlar ham, tibbiyotdagi ham igna bilan quduq qazishdek gap, natijasi tez ko‘rinmaydi. Buning uchun mashaqqatli mehnat, katta fidoyilik kerak. Boshlangan islohotlarning amalga oshishi, xalqimizning rozi bo‘lishi shunga bog‘liq. Bu yo‘lda sizlarga ishonaman, suyanaman, – dedi Prezident.




