Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi shahridagi Yoshlar markazida bo‘lib, sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda qashqadaryolik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.
“Men sizlarning ko‘zlaringga qarab, ochiq muloqot qilgani keldim. Hamma yoshlar bilan ko‘rishishni xohlardim, lekin, afsuski, buning iloji yo‘q. Siz ularning vakillari o‘rnida joylardagi muammolarni, yoshlar istaklarini aytishingizni istardim. Shuning uchun qo‘rqmasdan, o‘z ota-onalaringga nima deyishni xohlasalaring, hamma fikrlaringni bemalol aytinglar”, — deydi davlat rahbari. Uchrashuvda yoshlar muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ochiq muloqot bo‘lgan. Qashqadaryo viloyatida 26 mingdan ziyod yoshlar ishsiz, tadbirkorlik rivoji mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha pastda ekani qayd etilgan. Yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida yillik rejaga qo‘shimcha mablag‘ ajratish zarurligi ta’kidlangan. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi ochildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni ushbu muassasani borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati. “Qarshi shahridagi bunday klinikada iqtisodiy-moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, informatsion xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Malakali mutaxassislar biriktirilib, infokiosklar o‘rnatilgan. Bu yerda xususiylashtirishga qo‘yilgan obyektlar, ularning manzili, holati, sohadagi tartib-qoidalar haqida batafsil ma’lumot olish mumkin. Hamma xizmatlar bepul”, — deyiladi xabarda. Klinika binosida Qashqadaryodagi yirik korxonalar va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning doimiy ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan. Majlislar zali, muzokara xonalari, eksportchilar uyushmasi va o‘quv markazlari joylashtirilgan.